Oybek Kasimov Osiyo suzish konfederatsiyasi Bosh kotibi bilan uchrashdi
Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov Osiyo suzish konfederatsiyasi Bosh kotibi Taxa Al Kishri va “Myrtha Pools” kompaniyasi menejeri Antonio Arpayani qabul qildi. Suhbatda “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari va joriy yilning 22-24-sentyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtadigan ochiq havzada suzish boʻyicha Osiyo chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
MOQ Bosh kotibi janob Al Kishrini qabul qilar ekan, uni mamlakatimizda yana bir bor koʻrib turganidan bagʻoyat mamnun ekanini bildirdi. Oybek Omilovich 2025-yil poytaxtimizda oʻtadigan IV yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan nazorat qilib borilayotganini aytib, unga har tomonlama puxta hozirlik koʻrish, quriladigan sport obyektlari jahon standartlarining barcha talablariga javob berishi kerakligini taʼkidladi.
Bu borada musobaqa uchun oʻz loyihasini taqdim qilgan “Myrtha Pools” kompaniyasi vakili bilan ham alohida fikr almashildi. Oybek Kasimov italiyalik mutaxassisga taklif uchun minnatdorchilik bildirib, loyihalar masʼul mutasaddilar bilan oʻrganib chiqilishini aytib oʻtdi.
Oʻz navbatida, Taxa Al Kishri yurtimizda sportning jadal suratlarda rivojlanib borayotganiga alohida toʻxtaldi. Xususan, 2 kundan soʻng Samarqandda start oladigan qitʼa birinchiligiga tayyorgarlik haqida iliq fikrlarini bildirib, kelgusida hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.