Havaskor va professional bokschilarimiz o'rtasida sparring janglari o'tkazildi
Shu kunlarda O'zbekiston kattalar terma jamoasi a'zolari Toshkent viloyatida o'quv-mashg'ulot yig'inlari olib borishmoqda.
Ushbu yig'inda Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Elnur Abduraimov kabi professional ringda faoliyat olib borayotgan taniqli charm qo'lqop ustalarimiz ham ishtirok etishdi. Murabbiylar shtabi esa professional bokschilarga qarshi havaskor boksdagi vakillarimiz o'rtasida sparring janglarini tashkil etdi. Unga ko'ra, professional bokschilarimiz 6-8 raunddan, terma jamoa a'zolari esa 3 raunddan o'rin almashgan holda bahs olib borishdi.
"Bunday janglar har ikki tomon uchun ham foydali. Professional bokschilarimiz 2-3 xil uslubga ega bokschilar bilan 6-8 raundlik jang o'tkazishadi. Terma jamoa a'zolari esa professional bokschilarga qarshi almashib, 3 raunddan ishlashdi. Bu kabi sparringlar o'z samarasini berishi shubhasiz", - dedi terma jamoa bosh murabbiyi to'lqin Qilichev.