13 Sentyabr 2022 1901

Yurtimizda ilk bor o‘tadigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Xabaringiz bor, 6-13 oktyabr kunlari poytaxtimiz birinchi marta dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ayni paytda ushbu musobaqaga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida dunyo birinchiligiga ko‘rilayotgan hozirlik, Xalqaro dzyudo federatsiyasi talabidan kelib chiqqan holda unda OAV xodimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi Bosh kotibi Ulug‘bek Kabulov, Xalqaro dzyudo federatsiyasida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Abdullo Murodov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi terma jamoalar menejeri Eldor Qahhorov spiker sifatida qatnashishdi.

Anjumanni Oybek Kasimov ochib berdi va Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng boshqa mutaxassislar ham o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha savollarga javob berishdi.

Xususan, Ulug‘bek Kabulov 2019 yil Gran-pri, 2021 yil “Katta dubulg‘a” turkumidagi musobaqalarni qabul qilganimizda to‘plangan ulkan tajriba asosida xalqaro federatsiya bilan ish olib borilayotgani, bunday yirik sport bayramidan Respublikamizning barcha hududlaridagi yosh sport ishqibozlarining bahramand bo‘lishlari va bevosita bahslarni tomosha qilishlari uchun ularga maxsus sektorlar ajratilishi haqida aytib o‘tdi. Shuningdek, 140 ga yaqin mamlakatdan kelishi kutilayotgan mehmonlarga barcha qulayliklarni yaratish orqali mamlakatimizning mehmondo‘stligi, turizm, transport-logistika va boshqa sohalardagi salohiyatini ko‘rsatish uchun ayni fursat ekanini ta’kidladi.

Abdullo Murodovga ko‘ra, hozirning o‘zida Toshkentdagi jahon chempionatini yoritish uchun 70 ta xorijiy OAVdan talabnoma tushgan. Bu esa musobaqaga bo‘lgan qiziqishning qanchalik kattaligidan dalolat bermoqda. Mutaxassis mahalliy OAV xodimlariga chempionatni yoritish uchun xalqaro tashkilot tizimidan qanday ro‘yxatdan o‘tish lozimligi, bu borada IJF tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnoma haqida gapirib o‘tdi.

Ayni paytga kelib, 72 mamlakat Toshkentda o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun talabnoma topshirgan. Eldor Qahhorov erkaklar va ayollar jamoalarimizning xorij yig‘ini yakunlangach dzyudochilarimizning holatiga qarab musobaqada kurashadigan to‘liq tarkib rasman e’lon qilinishini bildirdi.

Anjuman davomida OAV xodimlariga g‘olib va sovrindorlarga topshiriladigan esdalik sovg‘alari, medallar dizayni, “Humo arena” atrofida mehmonlar uchun o‘zbek milliy hunarmandchiligiga oid ko‘rgazmalar tashkil etilishi, ochilish marosimiga oid atroflicha ma’lumot berildi.

Text to speech