“Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” MOQda mehmon boʻlishdi
Xabaringiz bor, shu kunlarda Toshkentda “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” loyihasi oʻtkazilmoqda. Bugun unda mehmon boʻlib turgan yulduz sportchilar Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ xodimlari qarshi olishdi.
Ekskursiya davomida sport elchilariga Qoʻmita faoliyati va oʻzbek sportining shonli tarixi, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan Olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berildi. Shundan soʻng mehmonlar Qoʻmita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida boʻlib, Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Eslatib oʻtamiz, bugun poytaxtimizdagi “Milliy bogʻ” sayilgohida ushbu sport yulduzlari ishtirokida mahorat saboqlari va katta fleshmob boʻlib oʻtadi. Unda ishtirok etishni istagan barcha sport muxlislarini Toshkentning eng soʻlim goʻshalaridan birida soat 17:00 da kutib qolamiz.