6 Sentyabr 2022 1457

“Osiyo bolalari” tashkiloti rahbari Oʻzbekiston yoshlariga yuqori baho berdi

Sportni rivojlantirish vazirligida “Osiyo bolalari” Xalqaro qoʻmitasi rahbari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda “Osiyo bolalari” (“Deti Azii”) Xalqaro qoʻmitasi rahbari Vladimir Maksimov ishtirok etdi.

Uchrashuvda Vladimir Maksimov Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida oʻtkazilgan “Osiyo bolalari” VII sport oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtirokini yuqori baholadi. Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasini kelgusi yilning fevral oyida Rossiya Federatsiyasining Kemerovo shahrida tashkil etiladigan “Osiyo bolalari” II qishki sport oʻyinlariga ham taklif qildi.

Oʻz navbatida, Adham Ikramov “Osiyo bolalari” Xalqaro qoʻmitasi rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirdi va albatta, ushbu oʻyinlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qildi. Shu bilan birga Vladivostokdagi musobaqa yuqori saviyada tashkil etilganligini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

Uchrashuvda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, bir qator sport turlarini rivojlantirish borasida oʻzaro kelishuvga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, 27-iyul – 8-avgust kunlari oʻtgan “Osiyo bolalari” VII Xalqaro sport oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 41 ta oltin, 28 ta kumush va 45 ta bronza, jami 114 ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-oʻrinni egallagan edi.

Text to speech