O‘zbekiston Butunjahon taekvondo kunini katta fleshmob bilan qarshi oldi
4-sentyabr – Butunjahon taekvondo kuni yurtimizda ham keng nishonlandi. Bugun ushbu sanaga bag‘ishlab O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasining maydonida mingdan ortiq yosh taekvondochilar ishtirokida katta fleshmob o‘tkazildi.
Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan "Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorda bir qator istiqbolli vazifalar belgilangan edi. Jumladan, uning targ‘ibotini oshirish maqsadida har yili 4 sentyabr – Butunjahon tayekvondo kunini mamlakatimizda ham nishonlash ko‘rsatib o‘tilgan. Bugun o‘tkazilgan tadbirni mazkur qarorda belgilangan topshiriqning amaliy ijrosi sifatida ko‘rishimiz mumkin. Tadbir davomida federatsiya xodimlari, shuningdek, taekvondo bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulug‘bek Rashitov so‘z olib, Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan mazkur sportning yurtimizdagi rivoji yildan yilga ortib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shundan so‘ng barcha yig‘ilganlar ishtirokida fleshmobga start berildi.
Qayd etish joizki, bu loyiha faqatgina poytaxtimizda tashkil etilgani yo‘q. Shu kabi fleshmoblar Respublikamizning barcha viloyatlarida ko‘taringki ruhda o‘tkazildi.