Bayram arafasidagi chiroyli anʼanalar davom etadi
Maʼlumki, har yili jonajon vatanimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami hisoblanmish Mustaqillik kuni arafasida davlatimizning eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi bilan sportimiz faxriylariga yuksak ehtirom koʻrsatib kelinadi. Mana shunday ezgu tashabbus anʼanasi bu yil ham davom ettirilib, umrlarining katta qismini oʻzbek sportining bugungi rivojiga sarf qilgan faxriylarimizga pul mukofotlari topshirildi.
Milliy Olimpiya qoʻmitasida oʻtgan tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Abdulla Aslonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi bir guruh faxriylar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻz olganlar davlatimiz tomonidan Mustaqillik bayrami arafasi har bir fuqarolarimizga oʻzgacha shukuh ulashish maqsadida katta ish olib borilayotgani, xususan, keksalarning holidan xabar olinib, ularni qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilganini alohida taʼkidladilar.
Shundan soʻng 42 nafar faxriyga Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasining bayram sovgʻalari topshirildi. Yakunda soʻz olgan fidoyilarimiz ularga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibordan mamnun ekanliklarini, kelajakda ham sportimiz rivoji, jonajon Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.