Mukofotlar muborak, qadrli sport fidoyilari!
Aziz sportchilar, qadrli murabbiylar hamda hurmatli ustozlar!
Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning tegishli Farmonlariga ko‘ra, soha vakillaridan bir guruhi davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallariga munosib ko‘rildi.
Shu munosabat bilan sport sohasining jonkuyar vakillarini chin qalbimizdan muborakbod etamiz.
Jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik shodiyonasi arafasida yuksak davlat mukofotlariga loyiq ko‘rilishingiz – bu avvalo sizlarning yillar davomidagi mashaqqatli mehnatlaringiz, kechani kecha, kunduzni kunduz demay Vatan sha’ni-shavkatini ulug‘lash, Yangi O‘zbekistonning sport hamjamiyati oldidagi mavqeyini oshirish yo‘lidagi zahmatlaringiz mahsuli bo‘lgan olamshumul g‘alabalarning munosib e’tirofi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yuksak mukofotlar bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlagan holda barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangidan yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayz-baraka tilaymiz.
Jonajon O‘zbekistonimizning bayrog‘i eng nufuzli sport musobaqalarida hamisha mag‘rur hilpirasin, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi
Sportni rivojlantirish vazirligi va
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi jamoasi