26 Avgust 2022 1294

Yurtimizda ilk bor Osiyoning 14 mamlakati mutaxassislari uchun seminar tashkil etiladi

Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamkorligida katta masshtabdagi oʻquv seminarlari tashkil etilmoqda. Noyabr oyida boʻlib oʻtadigan tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining 14 davlatidan tashrif buyuradigan murabbiy va hakamlar ishtirok etishadi.

Shu kunlarda seminarning tashkiliy jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida OOK mutasaddilari poytaxtimizda mehmon boʻlib turishibdi. Bugun MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov mehmonlarni qabul qilib, tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish masalalari boʻyicha suhbatlashdi.

Oybek Omilovich uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda Olimpiya harakati va sogʻlom turmush tarzi targʻibotini qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor xususida alohida toʻxtalib, bu kabi seminarlar xalqaro tajriba almashish uchun muhim platforma boʻlishini taʼkidladi.

Rejaga muvofiq, oʻquv kurslari dzyudo, ogʻir atletika, boks, suzish va sport kurashlari boʻyicha oʻtkaziladi. Darslarda tinglovchilarga yuqorida sanab oʻtilgan sport turlarining xalqaro federatsiyasidan katta tajribaga ega ekspertlar jalb etiladi. Mutaxassislar 5 kun mobaynida trenerlar uchun sportchilarni yirik musobaqalarga tayyorlashdagi zamonaviy metodika, hakamlar uchun har bir sport turidagi qoidalarga kiritilgan soʻngi oʻzgarishlar haqida oʻz bilimlarini berishadi.

Bu loyiha OOK tomonidan ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. Dastlabki seminar Gʻarbiy Osiyo mintaqasi vakillari uchun Quvaytda tashkil etilgan boʻlib, Toshkentda 2 mintaqaning 14 davlati ishtirokida boʻlib oʻtadigan kursda 300 nafarga yaqin mutaxassis qatnashishi kutilmoqda. Suhbat davomida mehmonlarni kutib olish, viza, transport-logistika tizimida ularga barcha qulayliklarni yaratish boʻyicha atroflicha fikrlar bildirildi.

Text to speech