Oʻzbek boksida ish boshlagan kubalik murabbiylar matbuot anjumanida rasman tanishtirildi
Yaqinda boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasida 4 nafar kubalik mutaxassis faoliyat boshladi. MOQda terma jamoa murabbiylar shtabining yangi tarkibi bilan matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbir avvalida Oʻzbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev yaqinda terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangan Toʻlqin Qilichev, qolaversa, Kubadan jalb etilgan 4 nafar mutaxassisni rasman tanishtirdi.
Dastavval Toʻlqin Qilichev murabbiylar shtabi oldiga qoʻyilgan yangi vazifalar haqida gapirib, kubalik mutaxassislar bilan ishlash rejasiga toʻxtalib oʻtdi. Unga koʻra, professor Karlos Villyanueva, murabbiylar Xuan Enrike Tissert va Xulio Li Echavarria, fizioterapevt Xesus Alberto Monterodan iborat guruh barcha yoshdagi ham erkaklar, ham ayollar terma jamoalari bilan ishlab, oʻzbek boksi rivojini butunlay yangi bosqichga olib chiqishda yordam beradi.
Kubalik mutaxassislarning kelgusida Oʻzbekiston va Kuba vakillari toʻqnash kelgan taqdirda sport prinsiplaridan kelib chiqib, hamyurtlarimizning gʻalabasi uchun bor kuchlarini ishga solishlari haqidagi vaʼdasi koʻpchilikning olqishiga sazovor boʻldi.
Mutaxassislar orasida eng taniqlisi professor Karlos Villyanueva boʻlib, u zamonaviy Kuba boksining shakllanishida katta xizmat qilgan. Ushbu inson bir necha oydan beri mamlakatimiz boksi bilan yaqindan tanishib kelmoqda. U kelgusida har bir yosh va vazn toifalari uchun alohida mashgʻulotlar rejasi ishlab chiqilishi, hududlardan iqtidorli yoshlarni seleksiya qilishdagi oʻziga xosliklar haqida gapirib oʻtdi. Shuningdek, u kelasi yil Toshkentda birinchi bor oʻtadigan jahon chempionati, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik va unda yuqori natija qayd etishga katta eʼtibor qaratilishiga ham alohida toʻxtaldi.
Anjuman qiziqarli bahs-munozaralarga boy boʻlib, ommaviy axborot vositalari vakillari va mutaxassislar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob olishdi.