O‘zbekiston boks federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida mamlakatimiz boksining yangi rejalari belgilandi
Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston boks federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, MOQ hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati, murabbiylar shtabi, faxriylar, viloyat bo‘limi vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov so‘z olib, o‘zbek boksining so‘nggi davrda erishgan yutuqlari, u mamlakatimiz yoshlarining sevimli sport turlaridan biriga aylanib borayotgani haqida gapirib, federatsiya rahbariyatining so‘nggi 4 yilda amalga oshirgan ishi bo‘yicha ijobiy fikr bildirdi.
Konferensiya kun tartibidan quyidagi 4 masala o‘rin oldi: O‘zbekiston boks federatsiyasining 2018-2022 yillarda amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot, yangi 4 yillik muddat uchun federatsiya rahbariyati tarkibini qayta shakllantirish, federatsiya ustavining yangi tahririni ko‘rib chiqish, federatsiyaning yangi ramzini tasdiqlash.
Dastavval, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov birinchi masala yuzasidan so‘zga chiqdi. Saken Djetibayevich davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zbek boksi rivoji so‘nggi 4 yilda butunlay yangi bosqichga ko‘tarilgani haqida alohida to‘xtaldi. So‘ng ortda qolgan davrda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi lavozimida ishlagan Murod Mamadaliyev qilingan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Shundan keyin kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masalaga o‘tildi. Unda federatsiya raisi va uning o‘rinbosarlari, federatsiya bosh kotibi saylanib, 11 kishidan iborat Ijroiya qo‘mitasi tarkibi shakllantirib olindi. Bu borada Saken Polatov federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov federatsiya raisining o‘rinbosari, Shohid Tillaboyev O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi etib saylandi. So‘ngi davrda federatsiyani muvaffaqiyatli boshqarib, o‘zbek boksining jahonda munosib o‘rin topishiga katta hissa qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Achilbay Ramatov esa yana 4 yil davomida federatsiya raisi sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi.
Tadbir davomida yangi lavozimga saylangan mutasaddilar bildirilgan ishonchni oqlashga, Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zbek boksining rivojini yangi bosqichga olib chiqib, kelasi yil Toshkentda ilk bor o‘tadigan jahon chempionati, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida yuqori cho‘qqilarga zabt etish uchun bor kuch-g‘ayratlarini safarbar qilishga va’da berishdi. O‘z navbatida, Adham Ikramov ham federatsiyaning yangi rahbariyatiga oldinda turgan mas’uliyatli vazifalarni bajarishlari yo‘lida omad tilab, bu borada Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi doimo yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, kun tartibiga muvofiq federatsiya Ijroiya qo‘mitasining yangi tarkibi ham tasdiqlanib, federatsiyaning yangi ramzi delegatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. Shu tariqa O‘zbekiston boks federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.