Islom birdamligi oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimizning murabbiylari ham taqdirlanishdi
Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-avgustdagi 355-sonli qaroriga muvofiq, Konya-2021 V Islom birdamligi oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarning murabbiylarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Maʼlumki, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan “Konya shahrida (Turkiya) boʻlib oʻtgan V Islom birdamligi oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish toʻgʻrisida"gi Prezident qarori imzolangan edi.
Taqdirlash marosimida Adham Ikramov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov ishtirok etishdi. Tadbir avvalida A.Ikramov sportchilarimizning qoʻlga kiritgan yutuqlari va ularning zamirida murabbiylarimizning xizmatlari beqiyos boʻlganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng, Turkiyada oʻtkazilgan V Islom birdamligi oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarning murabbiylariga bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur musobaqada sportchilarmiz 51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 ta bronza, jami 158 ta medal bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan soʻng ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Bu Oʻzbekiston sport delegatsiyasining kompleks musobaqalardagi eng yuqori natijasi sifatida tarixga kirdi.