Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov suzuvchilarimizni qoʻlga kiritilgan natijalar bilan qutladi
Joriy yilning iyul va avgust oylarida mamlakatimiz sportchilari Rossiyaning Vladivostok shahrida oʻtkazilgan “Osiyo bolalari-2022” va Turkiyaning Konya shahrida tashkil etilgan V Islom birdamligi oʻyinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Har ikki musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasining tarixiy gʻalabalariga suzuvchilarimiz ham munosib hissa qoʻshdilar.
Xususan, “Osiyo bolalari-2022” xalqaro sport oʻyinlarida delegatsiyamiz jamgʻarmasiga 1 ta kumush va 2 ta bronza, Islom birdamligi oʻyinlarida esa 2 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medali taqdim qilindi.
Bugun Oʻzbekiston suzish federatsiyasida har ikki musobaqada shohsupaga koʻtarilgan sportchilar va ularning ustozlariga minnatdorlik bildirildi. Tadbirni mamlakat suzish federatsiyasining raisi, Oʻzbekiston Qahramoni, Senator Quvondiq Sanaqulov kirish soʻzi bilan ochar ekan, yurtimiz sportchilarining “Osiyo bolalari-2022” hamda Islom birdamligi sport oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlariga mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish borasida davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan sharoitlar asosiy omil boʻlayotganligini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Shundan soʻng, “Osiyo bolalari-2022” xalqaro sport oʻyinlari hamda Islom birdamligi oʻyinlarida gʻolib va sovrindorlar safidan oʻrin egallagan suzish boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar va kattalar terma jamoalari aʼzolari hamda ularning murabbiylariga Oʻzbekiston suzish federatsiyasining tashakkurnomalari, shuningdek, jannatmakon oʻlkamizning eng soʻlim goʻshalaridan biri hisoblangan “Zomin” sanatoriyasiga yoʻllanmalar tantanali suratda topshirildi. Eʼtiborli jihati, sportchi va murabbiylar “Zomin” oromgohida nafaqat oʻzlari, balki, ularni voyaga yetkazgan ota-onalari bilan birgalikda xordiq chiqarish imkoniga ega boʻladilar.