22 Avgust 2022 3846

Saken Polatovni tabriklaymiz!

Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov oʻz tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Saken Djetibayevich Polatov 1975-yilda tugʻilgan. U 2002-yilda Toshkent Davlat meditsina institutini tugatgan. Ammo sportga boʻlgan qiziqish tibbiyotdan ustun kelib, mazkur sohada faoliyat olib bormoqda. Bugunga kelib, yurtimizning yetuk sport menejerlaridan biriga aylandi. 2019-yildan MOQ vitse-prezidenti hamda Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib bormoqda. 2021-yil Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston boks boʻyicha dunyoning yetakchi davlatlardan biriga aylanishida ushbu mutaxassisning ham xizmatlari katta. Shu bilan birgalikda Saken Djetibayevich futbol menejmenti sohasida ham ulkan tajribaga ega. Jumladan, poytaxtning “Lokomotiv” futbol klubi boshqaruvida 3-marta mamlakat chempionligini qoʻlga kiritib, yana 3 bor Oʻzbekiston kubogida zafar quchgan. Mazkur natijalarini inobatga olgan holda MOQ joriy mavsumda ushbu mutaxassisga Qoʻmita qoshida tashkil etilgan “Olimpik” klubi boshqaruvini ishonib topshirdi.

Saken Polatov 2021-yilda yurtimizda sport taraqqiyoti, sogʻlom turmush tarzi targʻiboti va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Saken Djetibayevichni tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Text to speech