20 Avgust 2022 3016

Yangi O‘zbekistonning muzaffar sportchilari tantanali kutib olindi

Bugun Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi poytaxtimizda tantanali kutib olindi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining 3-terminalida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, o‘zbek sportining katta oilasi, atletlarimizning yaqinlari ishtirok etishdi.

Tadbirda avvalida Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning muzaffar sportchilarimizga yo‘llagan tabrigini, shuningdek, "Konya shahrida (Turkiya) bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi Prezident qarorini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng Abdulla Aripov so‘z olib, O‘zbekiston delegatsiyasining ortda qolgan musobaqada erishgan muvaffaqiyati bilan qutladi va o‘zbek sporti Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik borasida to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, sportchilarimizdan dzyudo bo‘yicha musobaqa g‘olibi Muzaffar To‘raboyev hamda yengil atletika bahslarida chempion bo‘lgan Sharifa Davronova, trenerlar nomidan og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev so‘zga chiqib, ushbu g‘alabalar zamirida muhtaram yurtboshimiz va davlatimizning sportga qaratayotgan e’tibori turgani haqida to‘xtalib, kelgusida ham bildirilgan ishonchni oqlagan holda xalqaro maydonda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga va’da berishdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, shuningdek, o‘zbek estradasining taniqli vakillari o‘z ijodlari bilan tadbirga ko‘tarinki kayfiyat ulashishdi. Shuning bilan delegatsiyamiz vakillari ajratilgan maxsus avtobuslarga o‘tirib, poytaxtimizning markaziy ko‘chalari bo‘ylab Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yo‘l oldi. Sayrda hamshaharlarimiz ham sportchilarimizni qutlab turishdi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasida o‘tgan tadbirning ikkinchi qismida rasmiylar delegatsiyamizning erishgan g‘alabasini yana bir karra madh etishdi va sportchilarimiz muvaffaqiyati sharafiga mushakbozlik tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Konya-2021 V Islom birdamligi o‘yinlarida 56 ta davlatdan 4200 nafar sportchi ishtirok etib, unda delegatsiyamiz 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza, jami 158 ta medal bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi va kompleks musobaqalarda o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Text to speech