O‘zbekiston delegatsiyasi kompleks musobaqalardagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi
Turkiyaning Konya shahri mezbonlik qilgan V Islom birdamligi o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Bir necha kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda 56 mamlakatdan tashrif buyurgan 4000 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi. 265 nafar sportchi bilan Konyaga tashrif buyurgan delegatsiyamiz yakunda 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza, jami 158 ta medal bilan umumjamoa hisobida mezbon Turkiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi!
Shubhasiz, bunday natija ortida Prezidentimiz va davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, sportchilarimizning qulay sharoitlarda shug‘ullanishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlar turibdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Roppa rosa 2 yildan so‘ng Fransiya poytaxti Parij shahrida navbatdagi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Hukumatimizning e’tibori bilan barcha sport turlaridagi terma jamoalarimiz unga qizg‘in tayyorgarlik olib bormoqda. Jarayon qay darajada ketayotganini ko‘rib olish, yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish uchun kompleks musobaqalar ayni qulay imkoniyat.
Joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Osiyo o‘yinlari orqali sportchilarimizni “imtihon”dan o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi. Biroq uning kelgusi yilga qoldirilishi ko‘plab mamlakatlar uchun Islom birdamligi o‘yinlarining ahamiyatini oshirib yubordi. Shu bois barcha jamoalarimiz Turkiyaning Konya shahrida o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishdi.
Musobaqa davomida og‘ir atletika, dzyudo, sport kurashlari, yengil atletika, taekvondo, velosport, paralimpiya, gimnastika, qilichbozlik, kabi turlar salmoqli natija qayd etganini alohida ta’kidlash joiz. Albatta, kikboksing, suzish, karate, stol tennisi, kamondan otish kabi qolgan sport turlarida ham o‘ziga yarasha yuqori natijalar qayd etilib, qimmatli medallar qo‘lga kiritildi. Garchi bronza medali uchun kechgan bellashuvlarda gandbol va basketbol 3x3 bo‘yicha jamoalarimiz imkoniyatni boy berishgan bo‘lsa ham, qizlarimiz mamlakatimizda jamoaviy sport turlari butunlay yangi bosqichga chiqayotganini ko‘rsatishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Islom birdamligi o‘yinlari Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoalarimizning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini ko‘rsatmoqda. Konya-2021 O‘zbekiston delegatsiyasi uchun eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan kompleks musobaqa sifatida tarixda qoldi.