14 Avgust 2022 1208

Oybek Kasimov dzyudochilarimiz bilan musobaqa oldidan suhbatlashdi

Ertadan Konya-2021 V Islom birdamligi o‘yinlari doirasida dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ham bellashuvlarni boshlaydi. Ilias Iliadis boshchiligidagi dzyudochilarimiz mazkur musobaqaga katta tayyorgarlik olib borishdi va hozirda mashg‘ulotlar yakuniy pallada.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov Konya shahrida dzyudochilarimiz mashg‘ulot olib borayotgan zalga tashrif buyurib, ularning tayyorligi bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida murabbiylar shtabi va dzyudochilarimiz bilan suhbatlashib, ularning ruhiy va jismoniy holati haqida gaplashdi. Qayd etish joiz, hamyurtlarimiz musobaqaga hozirlik ko‘rishda dastlab Gruziyaning Bakuriani, so‘ng Samarqand shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borishdi.

Jamoamiz vakillari davlatimiz tomonidan tayyorgarlik uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani, endilikda ular tatamida bor kuchlarini bilan harakat qilib, yurtimizga g‘alabalar bilan qaytishni niyat qilganlarini bildirishdi. O‘z navbatida, Oybek Omilovich dzyudochilarimizdan xalqimiz va Prezidentimiz yuksak natijalar kutayotganini ta’kidlab, sportchilarimizga bu borada omad va zafarlar tilab qoldi. Eslatib o‘tamiz, Islom birdamligi o‘yinlari doirasida dzyudo bellashuvlari 15-17 avgust kunlariga belgilangan va unda hamyurtlarimiz to‘liq tarkibda ishtirok etishadi.

Text to speech