10 Avgust 2022 1330

Islom birdamligi sport tashkiloti rahbari o‘zbekistonlik sportchilarning imkoniyatini yuqori baholadi

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov Kon'ya-2021 V Islom birdamligi o‘yinlari doirasida bir qator xalqaro tashkilotlar mutasaddilari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash doirasida rasmiy uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Islom birdamligi sport tashkiloti rahbari shahzoda Abdulaziz bin Turki Al Faysal Al Saud bilan tashkil etildi. Unda Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev ham qatnashdi.

Uchrashuv davomida ayni vaqtda davom etayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida delegasiyalarning ishtiroki, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar va kutilayotgan natijalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalar o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan amaliy ishlarni tashkil qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston mazkur musobaqada ishtirok etayotgan eng katta delegasiyalardan biri hisoblanadi. Shahzoda Al Faysal Al Saud musobaqada o‘zbekistonlik sportchilarning imkoniyatlarini yuqori baholab, vakillarimizga omad tilab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Adham Ikramov tashrifi davomida Turkiya yoshlar va sport ishlari vaziri Mehmet Kasapoglu bilan ham hamkorlik aloqalari bo‘yicha qator kelishuvlarga erishgan edi.

Text to speech