9 Avgust 2022 1359

Adham Ikramov Konyadagi atletlar shaharchasida delegatsiyamiz vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlariga tashrif buyurdi. Vazir dastlab Atletlar shaharchasida sportchilarimiz bilan uchrashdi. Ular bilan yaratilgan sharoitlar, bellashuvlarga olib borilayotgan tayyorgarlik xususida suhbatlashdi. Shuningdek, musobaqada shu paytgacha g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamyurtlarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutladi.

Shundan so‘ng shtab vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov delegatsiyamizning faoliyati, sportchilarimizning ishtiroki, shtabda yo‘lga qo‘yilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Adham Ikramov shtabda barcha yo‘nalishdagi mas’ullar bilan alohida gaplashar ekan, jamoamiz erishadigan muvaffaqiyat hammaning o‘z ishini puxta bajarishi ortidan kelishini ta’kidladi. Qolaversa, har bir terma jamoa murabbiylari bilan atletlarimizning holati va kutilayotgan natijalar xususida birma bir gaplashib chiqdi.

Sportni rivojlantirish vaziri ushbu o‘yinlarning ahamiyati qanchalik katta ekani, undagi muvaffaqiyatli ishtirokimiz orqali xalqimiz va davlatimiz rahbarining ishonchini oqlash lozimligini yana bir karra eslatib o‘tdi. Yig‘ilish davomida ish samaradorligini kuchaytirish, atletlar va delegatsiya a’zolarining xavfsizligi, salomatligini ta’minlash bo‘yicha barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Kоnyaga tashrifi davomida Adham Ikramov o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish yo‘lida bir qator uchrashuvlar o‘tkazishi ham belgilangan.

Text to speech