9 Avgust 2022 1601

O‘zbekiston iftixori Ravshan Irmatov 45 yoshda!

Bugun o‘zbek sportining yorqin vakili, futbol bo‘yicha Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami Ravshan Irmatov tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Ravshan Sayfuddinovich Irmatov 1977 yil 9 avgust kuni tug‘ilgan. FIFA referisi sifatida faoliyat olib borgan Ravshan Sayfuddinovich futbol bo‘yicha jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yin boshqargan hakamdir. Hamyurtimiz JAR-2010 mundialida 5 ta, Braziliya-2014 mundialida 4 ta va Rossiyada o‘tgan jahon chempionatida 2 ta, jami 11 ta uchrashuvni boshqarib borgan. Bir necha bor klublar o‘rtasidagi JCh, Osiyo kubogi, OChL va boshqa nufuzli musobaqalarning asosiy o‘yinlarida hakamlik qilgan. 2015 yil esa jahonning eng yaxshi referisi deb topilgan. Ravshan Sayfuddinovichnnig bunday xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib, "Buyuk xizmatlari uchun" va "El-yurt hurmati" ordenlari, "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Hozirda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Ravshan Irmatovni tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech