7 Avgust 2022 1539

Konyada O‘zbekiston delegatsiyasi shtabi to‘laqonli ish boshladi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari o‘tkazilmoqda. 2-avgust kuni MOQ rais o‘rinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi Ishchi guruh Konyaga kelib, barcha tayyorgarlik ishlarini olib borayotgan edi. Endilikda O‘zbekiston delegatsiyasining asosiy qismi ham Turkiyaga yetib bordi.

Hukumatimiz vakillari, Sportni rivojlantirish vazirligi, MOQ rahbariyatining mezbon shaharga tashrifi bilanoq mamlakatimiz uchun ajratilgan binoda O‘zbekiston delegatsiyasining shtabi to‘laqonli o‘z faoliyatini boshladi. Dastlab delegatsiya rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, musobaqa davomida amalga oshiriladigan ishlar yana bir karra ko‘rib chiqildi. Unda mazkur musobaqaning ahamiyatidan kelib chiqib har bir xodimdan o‘ziga biriktirilgan vazifaga katta mas’uliyat bilan yondashish zarurligi yana bir karra eslatib o‘tildi.

Bu yilgi Islom birdamligi o‘yinlarida mamlakatimiz 265 nafar sportchi bilan ishtirok etadi. Shubhasiz, bunda atletlarimiz, murabbiy va boshqa mutaxassislarning salomatligini nazorat qilish oldinda turgan asosiy vazifalardan biri. Shtabda tibbiyot punkti uchun alohida xonalar ajratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda ham kerakli ishlar olib borilmoqda. Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi shifokorlari muntazam ravishda sportchilarimizning salomatligini nazorat qilib turishibdi. Buning uchun barcha zarur dori vositalari va texnik jihozlar keltirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston delegatsiyasining musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun barcha kuchlar safarbar etilgan va biz atletlarimizdan yorqin g‘alabalar kutamiz.

Text to speech