Sherzod Tashmatov taekvondo va velosport bo‘yicha terma jamoamiz vakillari bilan uchrashdi
Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi rahbari Sherzod Tashmatov ayni paytda Konya shahrida bo‘lib turgan taekvondo va velosport bo‘yicha terma jamoalarimiz bazasiga tashrif buyurib, ularning sharoitlarini yaqindan o‘rgandi.
Dastlab taekvondo bo‘yicha sportchi va murabbiylar shtabi bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Sherzod Rixsibayevich har bir jamoa vakili bilan birma bir suhbatlashib, ularning musobaqaga olib borgan tayyorgarligi bilan tanishdi. So‘z o‘rnida bo‘lajak u Islom birdamligi o‘yinlarining ahamiyati, oldinga qo‘yilgan vazifalar xususida to‘xtalib, barchadan bellashuvlar davomida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishlarini so‘radi. Shuningdek, musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlar haqida to‘xtalar ekan, bunga munosib ravishda yurtimizga chiroyli g‘alabalar bilan qaytish zarurligini ta’kidladi.
Kunning ikkinchi yarmida MOQ raisi o‘rinbosari velotrek bazasida terma jamoamizning mashg‘ulotlarini kuzatdi. Jarayon davomida O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev hamda bosh murabbiy Gleb Groysman bilan sportchilarimizning tayyorgarligi, ruhiy va jismoniy holati haqida suhbatlashdi. Eslatib o‘tamiz, musobaqa doirasida dastlab velotrek bo‘yicha terma jamoamiz 5 avgustdan bahslarga kirishadi.
Har ikki uchrashuv davomida Sherzod Tashmatov mutasaddilarga atletlarimizning kerakli natijalarga erishishlari uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berish, ularning salomatligini qattiq nazorat qilish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berib o‘tdi.