Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Vladivostokdagi konsulligimizga minnatdorchilik bildiradi
Mamlakatimiz delegatsiyasi xalqaro maydondagi muhim kompleks musobaqalarda ishtirok etar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining koʻmagi bilan mezbon shaharda jamoamiz uchun hamisha barcha qulayliklar yaratib berilgan.
Bu gal ham “Osiyo bolalari” Xalqaro sport oʻyinlariga mezbonlik qilayotgan Vladivostok shahrida Uzoq Sharqdagi hamyurtlarimiz tashkiliy masalalarda ana shunday yuksak professionallik namunasini koʻrsatishdi. Musobaqaga delegatsiyamizni boshlab borgan MOQ rahbariyati Vladivostok shahridagi Bosh konsulimiz Rustam Ismoilov bilan uchrashuv oʻtkazishdi.
Qayd etish joiz, Oʻyinlar davomida delegatsiyamizni kutib olish va joylashtirish, qulay sharoitlarni yaratib berish, shuningdek, kuni kecha Xalqaro suzish federatsiyasi vakili bilan oʻtkazilgan onlayn uchrashuvni tashkil etishda Rustam Ismoilov boshchiligidagi jamoa katta yordam berdi. Buni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov alohida taʼkidlab, koʻrsatayotgan yordami uchun diplomatimizga alohida minnatdorchilik bildirib oʻtishdi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida Qoʻmitamiz vakillari Rustam Ismoilovga minnatdorchilik belgisi sifatida esdalik sovgʻasini topshirishdi. Shuning bilan Oʻzbekiston MOQ rahbariyatining Vladivostokdagi missiyasi yakunlandi. “Osiyo bolalari” Xalqaro sport oʻyinlarining qolgan qismida Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Abdulla Aslonov delegatsiyamizga rahbarlik qiladi.