30 Iyul 2022 1630

Xalqaro suzish federatsiyasi vakili bilan hamkorlik rejalari ko‘rib chiqildi

Yurtimizda suzish sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida katta ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi dastlabki qadam iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimovning Vengriyada o‘tgan suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionati arafasida Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn Al Musallam bilan tashkil etgan uchrashuvda tashlangan edi. Oybek Kasimov va Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov unda belgilangan hamkorlik rejalarining keyingi qadamlarini ko‘rib chiqish maqsadida Xalqaro suzish federatsiyasining Rivojlanish bo‘limi direktori Morgan Gote bilan suhbat olib borishdi. 

ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan suhbatda mamlakatimizda suv sporti turlarini yanada rivojlantirishga oid qator mavzular muhokama qilindi. Unda Sportni rivojlantirish vazirligi vakillari ham ishtirok etishdi. Kun tartibiga muvofiq, Respublikamizning 6 hududida FINAning 2 nafardan ekspertlari ishtirokida mahalliy mutaxassislar uchun 6 oylik seminar o‘tkazish kun tartibidagi asosiy mavzu bo‘ldi. Mutaxassis bu borada xalqaro tashkilot tomonidan yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. 

Shuningdek, 2025 yil Toshkentda o‘tkaziladigan IV yoshlar Osiyo o‘yinlari doirasida suv sporti turlari uchun quriladigan zamonaviy ob’ekt loyihasi va uni bajaradigan firmalar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. O‘z navbatida, mutasaddilarimiz musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik shaxsan davlatimiz rahbari nazorati ostida ekani, uni yuqori saviyada o‘tkazish uchun har tomonlama hozirlik ko‘rilayotganini bildirishdi. Suhbat davomida tomonlar kun tartibidagi mavzular ijrosi bo‘yicha atroflicha fikr almashishdi.

Text to speech