29 Iyul 2022 1530

IKA prezidenti bilan kurashning yangi istiqbollari muhokama qilindi

Bugun, 29-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov shu kunlarda amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashining Osiyo oʻyinlari departamenti direktori Haydar Farmonni qabul qildi. Shuningdek, mazkur uchrashuvda Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sherzod Tashmatov va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, turli mamlakatlarda faoliyat koʻrsatayotgan murabbiylar va hakamlar, qolaversa sportchilar oʻrtasida tajriba almashish imkoniyatini yaratish, xalqaro nufuzli musobaqalarni tashkil etishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Darhaqiqat, kurash asrlar davomida oʻzbek xalqining eng ommaviy va sevimli milliy oʻyinlari qatorida eʼzozlab kelingan. Ushbu sport yakkakurashning qadimiy turi boʻlib, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, uning yoshi uch yarim ming yilga borib taqaladi.

IKA prezidenti tomonidan kurash sport turining xalqaro maydondagi rivoji, oʻtkazilayotgan nufuzli musobaqalar, qitʼaviy oʻyinlarda ishtiroki va joriy yilda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan qitʼa va jahon chempionatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlash lozim, joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida kurashning xalqaro rivoji borasida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 17-21-mart kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida kurash boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati va Osiyo-Okeaniya Kurash konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi boʻlib oʻtdi. Mazkur nufuzli chempionatda qitʼamizning 24 ta davlatidan 200 nafardan ziyod sara polvonlar gʻoliblik uchun gilamga tushdi.

24-27-mart kunlari Xalqaro Kurash instituti bilan hamkorlikda Italiyaning Rim shahrida Yevropa kurash konfederatsiyasiga aʼzo mamlakatlarning kurash murabbiylari uchun xalqaro seminar tashkil etildi. Unda 10 ga yaqin mamlakatdan 90 nafar murabbiy ishtirok etdi.

28-30-mart kunlari Hindistonning Mumbay shahrida IKA Ijroiya qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish davomida kurashning oldida turgan koʻplab masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston hukumatining qoʻllab-quvvatlashi hamda assotsiatsiya rahbariyatining saʼy-harakatlari bilan kurash sporti Osiyo oʻyinlarining barcha dasturlaridan rasman oʻrin egalladi.

Shu bilan birga, Sportni rivojlantirish vaziri ham vatani Oʻzbekiston boʻlgan kurashning ayni kunlarda dunyo miqyosida obroʻsi ortib borayotgani quvonarli hol ekanligini taʼkidlab, bugungi kunda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tarkibiga 130 dan ziyod davlatlar milliy federatsiyalari aʼzo boʻlib kirganligi va faoliyat yuritayotganligi kurashning nufuzi qay darajada ortib borayotganining yaqqol ifodasi ekanligini maʼlum qildi.

Qayd etish lozim, 2020-yil 4-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Mazkur hujjat kurash sportining rivoji yoʻlida yangi davrni boshlab berdi. Qaror asosida IKA va uning tarkibidagi milliy federatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, professional kurashchi va mutaxassislarni tayyorlash, kurash sportini yanada ommalashtirish, Respublika va xalqaro media maydonda keng targʻib qilish, kelajakda kurashni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish borasida manzilli chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Uchrashuvdan soʻng Milliy Olimpiya qoʻmitasida mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etildi. 20 nafardan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda kelgusida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan nufuzli musobaqalar va bu borada Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi tomonidan yoʻlga qoʻyiladigan hamkorlik aloqalari haqida maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, anjumanda oʻzaro hamkorlikda kurash sportini dunyoda yanada ommalashtirish, gendertenglik asosida gumanizm gʻoyalari singdirilgan milliy sportimizni xotin-qizlar oʻrtasida ham rivojlantirish, xalqaro sport tashkilotlari bilan oʻzaro doʻstona aloqalarni kuchaytirish va eng oliy maqsad, kurashni Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Matbuot anjumanida yana bir muhim voqelik – Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan har oyda ingliz tilida chop etiladigan “Kurash” jurnali hamda kurash sport turining yagona tartib qoidalariga bagʻishlangan kitob taqdimoti ham oʻtkazildi.

IKA prezidenti yana bir necha kun davomida mamlakatimizda boʻladi va tashrif doirasida qator muhim uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Text to speech