28 Iyul 2022 1602

“Osiyo bolalari” VII xalqaro sport oʻyinlarining delegatsiya rahbarlari uchrashishdi

Bugun Vladivostok shahrida “Osiyo bolalari” musobaqasida qatnashayotgan delegatsiya rahbarlari ishtirokida oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya Federatsiyasi Sport vaziri Oleg Matitsin, Primore oʻlkasi Gubernatori Oleg Kojemyako va musobaqa mehmonlari, jumladan, Oʻzbekiston nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qatnashdi.

Suhbat davomida mutasaddilar yosh iqtidor egalarini kashf etib beradigan mazkur musobaqaning formatini takomillashtirib, uning tarkibidagi sport turlarini yanada koʻpaytirish, Oʻyinlar geografiyasini kengaytirish kabi masalalar haqida fikrlar bildirishdi.

Oʻz navbatida, Oybek Kasimov bu yilgi tadbir yuqori saviyada tashkil etilgani, delegatsiyamiz unga katta masshtabda tayyorgarlik koʻrgani, mamlakatimizda yoshlar sporti Prezidentimiz tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi haqida gapirib oʻtdi. Shuningdek, u Vladivostokda ishtirok etayotgan atletlarimiz 2025-yil Toshkentda oʻtadigan IV yoshlar Osiyo oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilayotgan potensial avlod ekani, Oʻzbekiston tomoni may oyida Toshkentda oʻtgan SHHTga aʼzo mamlakatlar vakillarining jismoniy tarbiya va sport boʻyicha vazirlik hamda idoralari rahbarlari yigʻilishida ushbu mintaqa Oʻyinlarini ham tashkil qilish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Oʻz oʻrnida, Oybek Omilovich, Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramovning musobaqa tashkilotchilariga yoʻllagan salomini ham yetkazib, Oʻyinlar yosh atletlarga oʻzlarini koʻrsatish uchun ajoyib platforma boʻlayotganini bildirdi.

Tadbir davomida barcha delegatlar kelgusida bu kabi sport oʻyinlari orqali yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi targʻiboti va davlatlararo doʻstona aloqalarni rivojlantirish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishdi.

Text to speech