24 Iyul 2022 1383

“Osiyo bolalari” VII sport oʻyinlarida qatnashadigan delegatsiyamizni tantanali kuzatish marosimi oʻtkazildi

Joriy yil 27-iyul – 8-avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida 14-16 yoshli oʻsmirlar oʻrtasida “Osiyo bolalari” VII sport oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Bugun Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida unda ishtirok etadigan delegatsiyamizni tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining masʼul xodimi Kamil Bayazitov, vazir oʻrinbosarlari Shahrullo Mahmudov va Murodjon Ismoilov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov, oʻzbek sportining taniqli vakillari, yosh atletlarimizning ota-onalari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Marosimni ochib bergan Adham Ikramov oʻzbek sportining kelajagi hisoblanmish yangi avlod vakillariga omad va zafarlar tilab qoldi. Shundan soʻng vazir delegatsiyamiz bayroqdori, boks boʻyicha Osiyo chempioni, umidli sportchimiz Temur Abduvahobovga Oʻzbekiston bayrogʻini tantanali ravishda topshirdi. Oʻz navbatida, yosh sportchimiz tengqurlari nomidan boʻlajak musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga vaʼda berdi.

Shuningdek, rasmiy kuzatish marosimida taekvondo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Ulugʻbek Rashitov, Rio-2016 Olimpiadasi sovrindori, professional boks boʻyicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev, sportchilarning ota-onalari ham soʻzga chiqib, yoshlarimizga boʻlajak musobaqada omad tilashdi.

Maʼlumot uchun: “Osiyo bolalari” xalqaro sport oʻyinlari Osiyo Olimpiya Kengashi tashabbusi bilan har 4 yilda bir marotaba oʻtkazib kelinadi. Oʻzbekiston delegatsiyasi unda ilk bor 2008-yilda ishtirok etgan. Bu galgi musobaqada jamoamiz 174 nafar (101 nafar oʻgʻil bola, 73 nafar qiz) atlet bilan sportning 17 ta turida qatnashadi.

Text to speech