24 Iyul 2022 1742

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 65 yoshda!

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni muborak 65 yoshingiz bilan yurtimizdagi keng sport jamoatchiligi va Olimpiya oilasi nomidan samimiy muborakbod etgan holda, Sizga mustahkam sogʻliq, uzoq umr va Vatanimiz ravnaqi yoʻlida soʻnmas kuch-gʻayrat tilaymiz.

Soʻnggi yillarda boshqaruvingizda jonajon Oʻzbekistonimizni har tomonlama yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqayotgan misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Sizning sportni ich-ichidan tushunishingiz, jismoniy tarbiya va sogʻlom turmush tarzini faol qoʻllab-quvvatlashingiz orqali azmu shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz xalqaro maydonlarda ona Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqdalar.

Yangi Oʻzbekistonda ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun Sizga kamarbasta boʻlib xizmat qilishdan ulkan faxr hissini tuyamiz. Sizning bevosita sport sohasi rivojiga koʻrsatayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrligingiz asosida bugungi kunda jahonda boks, dzyudo, kurash, taekvondo, ogʻir atletika kabi sport turlarida oʻzbek modeli yaratildi. Qolaversa, bir necha ming yillik tarixga ega oʻzbek milliy kurashi Sizning eʼtiboringiz bilan dunyoga yanada boʻy choʻzmoqda. Biz kelgusida bu bilan cheklanib qolmay, jamoaviy sport turlarida ham dunyoda oʻz soʻzini ayta oladigan qudratli sport mamlakati boʻlishga bel bogʻlaganmiz.

Oldinda turgan Osiyo va Olimpiya oʻyinlari kabi yirik nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik yoʻlida terma jamoalarimizni doimo qoʻllab-quvvatlab kelishingiz, har bir sportchi va murabbiylarimizga katta kuch va qanot bermoqda. Bugun Siz barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonda yurt tinchligi, inson qadri ulugʻlanayotgani, xalqimizning qonuniy haq-huquqlari va erkinliklari taʼminlanayotgani, yoshlarimizning har tomonlama sogʻlom kamol topayotgani bevosita Sizning uzoqni koʻzlagan istiqbolli islohotlaringiz samarasi ekanligini barcha yurtdoshlarimiz ich-ichidan his qilib turibdi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Ushbu fursatdan foydalanib, Sizni yana bir bor bugungi tavallud kuningiz bilan samimiy tabriklab, jonajon diyorimiz osoyishtaligi, davlat va jamiyat ravnaqi yoʻlida olib borayotgan ishlaringizga ulkan zafarlar tilaymiz. Hamisha oʻzbek xalqi va oila aʼzolaringizning baxtiga sogʻ-omon boʻling!

Ehtirom ila,
Oʻzbekiston sport jamoatchiligi va Olimpiya oilasi

Text to speech