23 Iyul 2022 1447

MOQ rahbariyati Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov Tashqi ishlar vazirining maslahatchisi, Vazirlik qoshida yangi tashkil etilgan Madaniy-gumanitar hamkorlik, turizm va sport boshqarmasi rahbari Anvar Abduhalimov bilan uchrashdi.

Maʼlumki, Tashqi ishlar vazirligi terma jamoalarimizning xalqaro maydondagi nufuzli kompleks musobaqalar, qitʼa birinchiligi va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va ishtirok etishida muhim hamkor tashkilotlardan biri hisoblanadi. Uchrashuv davomida ushbu yoʻnalishdagi aloqalarni yanada mustahkamlash, jumladan, Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik yoʻlidagi muhim rejalar, yurtimizda ilk bor oʻtkaziladigan Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlarida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Anvar Abduhalimov Vazirlik qoshida yangi tashkil etilgan ushbu boshqarma faoliyati haqida batafsil maʼlumot berib, atletlarimizning jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishlariga hissa qoʻshishdan mamnun ekanini bildirdi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov bunday yoʻnalish jamoalarimizning xorijga yoʻl olishida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning kamayishi, mavjudlarini bartaraf etishda tezkor yechim boʻlishini taʼkidlab, Vazirlik tomonidan yaratilayotgan bunday qulaylik uchun minnatdorchilik izhor etdi va oʻzaro hamkorlikdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi.

Text to speech