22 Iyul 2022 1387

Sayfiddin Ermatovga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi

Yaxshi maʼlumki, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi tomonidan uzoq yillar yurtimiz sporti rivojiga hissa qoʻshgan fidoyi mutaxassislar ragʻbatlantirilib kelinadi. Bugun ana shunday mutaxassislardan biri, futbol boʻyicha Respublika toifasidagi hakam Sayfiddin Ermatovga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi. Tadbir Milliy Olimpiya qoʻmitasida tashkil etildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ishtirok etishdi.

Maʼlumot uchun, Sayfiddin Ermatov faoliyati davomida xalq orasida “Chigʻatoy” futbol maktabi nomi bilan mashhur boʻlgan futbol boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida murabbiy sifatida ishlagan. Tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelnitskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982-yilda tugʻilgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlgan. Shuningdek, futbol hakami va inspektori sifatida uzoq yillar samarali mehnat qilgan.

Faoliyati davomida koʻplab isteʼdodli yosh hakamlarni tarbiyalashda katta hissa qoʻshgan. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish boʻyicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Irmatov, shuningdek, jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi Osiyoning eng yaxshi qanot hakamlaridan biri Abduhamidullo Rasulovni uchratish mumkin.

Tadbirda Sayfiddin Ermatov koʻrsatilgan eʼtibordan mamnun ekanini bildirib, keyinchalik ham futbolimiz rivoji yoʻlida mehnat qilishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Text to speech