Dzyudo bo‘yicha yoshlar jamomamiz Osiyo chempionatida 14 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘lishdi
Bugun Tailand poytaxti Bangkok shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi ikki kuni yoshlar jami 14 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun tatamiga chiqdilar. Bugungi bellashuvlar og‘ir vazn toifalarida kechdi va unda O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Qit’a chempionati yakunida esa Kamol Murodov va Iskandar Rasulov murabbiyligidagi o‘zbekistonlik dzyudochilar 5 ta oltin, 1 ta kumush, 8 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 15 davlat orasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Janubiy Koreya terma jamoasi 6 ta oltin, 1 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan bu borada birinchi bo‘lishdi. Kuchli uchlikka 2 ta oltin, 7 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan Qozog‘iston terma jamoasi yakun yasab berdi.
Shohsupaga ko‘tarilgan yoshlarimiz:
Oltin medal:
-48 kg: Halimajon Qurbonova
-66 kg: Azizbek Ortiqov
-57 kg: Shukurjon Aminova
-90 kg: Jahongir Mamatrahimov
+100 kg: Islombek Ravshanqulov
Kumush medal:
+100 kg: O‘tkirbek To‘raboyev
Bronza medal:
-52 kg: Umida Jumaniyozova
-63 kg: Farangiz Rejepova
-70 kg: Shahlo Egamberganova
-78 kg: Irisxon Qurbonboyeva
+78 kg: Mohinur Parmonova
-73 kg: Hojiakbar Toshev
-81 kg: Nurbek Murtazoyev
-100 kg: Muhammadqodir Mansurov
Ma’lumot uchun, o‘smirlar terma jamoamiz musobaqani umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunlashgan edi