17 Iyul 2022 1995

O‘zbekiston delegatsiyasi Birmingem-2022 Butunjahon o‘yinlarini ikkita medal bilan yakunladi

AQShning Birmingem shahrida XI Butunjahon o‘yinlari o‘z poyoniga yetib bormoqda. Ayni paytga kelib, unda qatnashgan delegatsiyamiz vakillari o‘z ishtiroklarini tugatib bo‘lishdi. Musobaqada 110 mamlakatdan tashrif buyurgan 3600 nafardan ortiq atlet ishtirok etdi.

O‘zbekiston jamoasi ushbu musobaqaga 5 nafar sportchi bilan tashrif buyurdi. Hamyurtlarimiz orasida dastlab karatechimiz Doston Otabolayev maydonga chiqdi. -75 kg vazn toifasida jang olib borgan 2021 yilgi jahon chempioni yakunda bronza medali bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Indoneziyada o‘tgan 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘lgan ushu ustasi Darya Latisheva bu gal ham shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.

Afsuski, musobaqada bahs olib borgan badiiy gimnastikachimiz Yekaterina Fetisova, jiu-jitsuchimiz Bahrom Mashrapov hamda muay-tay ustasi Fanat Qahramonga biroz omad yetishmadi. Shu tariqa, delegatsiyamiz Birmingemda 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Kelgusi Butunjahon o‘yinlari 2025 yili Xitoyning Chengdu shahrida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi asosan noolimpiya sport turlarini qamrab olgan ushbu musobaqada hamyurtlarimizning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari bilan delegatsiyamiz va sportchilarimizni, murabbiylar shtabini tabriklab qoladi.

Text to speech