16 Iyul 2022 2337

Toshkent Parij-2024 yo‘lida qit’amizning eng kuchli og‘ir atletikachilarini jamlaydi

Poytaxtimizda o‘tkazilgan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (OOF)ning navbatdagi Kongressi o‘z ishini yakunladi. Quvonarlisi, unda Toshkent 2024 yil Parij Olimpiadasi yo‘lida qimmatli litsenziya ochkolarni taqdim etadigan qit’a birinchiligi mezbonligini qo‘lga kiritdi. 

«O‘zbekiston» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan Kongressning ikkinchi qismida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Hasan Jalud, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (OOAF) prezidenti Al-Mana Muhammad Yusuf, O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, OOAF vitse-prezidenti, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, shuningdek OOAFning ijroiya qo‘mitasi a’zolari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Kongress kun tartibidan o‘rin olgan eng muhim masalalardan biri – Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolari taqdim etadigan 2024 yilgi qit’a chempionati mezbonini aniqlash bo‘ldi. Unda Hindiston, Turkmaniston va O‘zbekiston mazkur muhim musobaqani qabul qilish uchun kurash olib bordi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, OOAF Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ushbu turnir mezbonligini yurtimizga ishonib topshirdi. 

Qayd etish joiz, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan Parij-2024 kvalifikatsiya tizimiga ko‘ra, atletlar litsenzion sikl davomida ma’lum darajadagi musobaqalarda ishtirok etishlari shart. Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati ana shunday turnirlardan biri hisoblanadi. Musobaqa sanasi va 2024 yilgi taqvim keyinroq e’lon qilinadi.

Shuningdek, Kongressda OOAFning hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkaziladigan manzil nomi ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Qatarning Doxa shahri nufuzli anjumanga mezbonlik qiladigan bo‘ldi.

Text to speech