16 Iyul 2022 1171

Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining Kongressida muhim masalalar o‘rtaga tashlanmoqda

Bugun Toshkentda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi Kongressi boshlandi. Anjuman Sportni rivojlantirish vazirligida tashkil etilmoqda.

Unda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (OOAF) prezidenti Muhammad Al Mana, Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, OOAF vitse-prezidenti, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, shuningdek OOAFning Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etishdi.

Kongressda so‘zga chiqqan A.Ikramov mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va sportchilarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga o‘zaro hamkorlik uchun Xalqaro va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi.

Bahrayn poytaxti Manama shahri joriy yil kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Kongressda Bahrayn og‘ir atletika federatsiyasi vakili bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik jarayoni bo‘yicha hisobot berdi.

Qolaversa, anjumanda Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘lida litsenzion xarakterga ega 2023 yilgi qit’a birinchiligiga tayyorgarlik yuzasidan Janubiy Koreyaning Chindju shahri meriyasi va Koreya Respublikasi og‘ir atletika federatsiyasi vakillari chiqish qilishdi.

Kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri 2024 yilgi Osiyo chempionati mezbonini aniqlash bo‘lib, ayni paytda ushbu musobaqani qabul qilish uchun uchta davlat da’vogarlik qilmoqda. Bular – Hindiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.

«Bu kabi nufuzli musobaqalarning yurtimizda o‘tkazilishi xalqaro maydonda Vatanimizning obro‘sini oshirishga, davlat imijini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb o‘ylayman» – dedi anjumanda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov.

Bugun kunning ikkinchi yarmida Kongress o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda yuqorida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinadi.

Text to speech