15 Iyul 2022 1052

Mutasaddilar Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni ko‘zdan kechirishdi

Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov Muhammad Jalud boshchiligidagi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi vakillari bilan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligini qabul qiladigan “Yunusobod sport majmuasi”ga tashrif buyurishdi. Mutasaddilar unda bo‘lajak musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonini o‘rganishdi.

Bu vaqtga kelib, arenada musobaqa tashkiliy qo‘mitasi Osiyo chempionatida ishtirok etadigan sportchilarni so‘nggi bor ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini amalga oshirayotgan edi. Shundan so‘ng ushbu jarayonga Shahrullo Mahmudov, Sherzod Tashmatov va Muhammad Jalud ham qo‘shilib, ishtirokchi davlatlar bilan suhbatlashishdi.

Unda so‘z olgan Muhammad Jalud o‘zbek og‘ir atletikasining jahonda tutgan o‘rniga yuqori baho berar ekan, boshlanayotgan musobaqaga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, janob Jalud mamlakatimiz hukumatiga ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlashdagi yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir davomida musobaqa qanday talablar asosida o‘tishi mehmonlarga yana bir bor eslatib o‘tildi va tashkiliy jarayon bo‘yicha barcha kerakli ma’lumotlar berildi. Shundan so‘ng mutasaddilar arena bo‘ylab musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlikni atroflicha o‘rganib chiqishdi.

Text to speech