MOQ rahbariyati Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidentini qabul qildi
Yana 2 kundan so‘ng poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlanadi. Ushbu musobaqaning faxriy mehmoni sifatida yurtimizda bo‘lib turgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti (IWF) Muhammad Jalud va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al Mana bugun MOQga tashrif buyurishdi.
Martabali mehmonlarni Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov qarshi oldilar. Shuningdek, ularga Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamrohlik qildi. Mehmonlar o‘zbek sportining boy tarixi bilan yaqindan tanishichgach, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sherzod Tashmatov janob Jaludni IWF prezidenti sifatida Toshkentda qarshi olayotganidan mamnun ekanini bildirar ekan, kelajakda Osiyo va Xalqaro og‘ir atletika federatsiyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan do‘stona aloqalarni shunday ruhda davom ettirishdan mamnun bo‘lishini ta’kidladi. O‘z navbatida, Muhammad Jalud o‘zbek sporti, xususan, og‘ir atletikasi jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgani, mamlakatimizning so‘nggi yillarda yirik sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etishi Toshkentning ushbu sport poytaxtiga aylanganiga alohida to‘xtaldi.
Suhbat davomida Shahrullo Mahmudov O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining yangi rejalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning keyingi bosqichlari xususida to‘xtaldi. Shuningdek, u oldinda turgan musobaqalar Parij-2024 Olimpiadasiga nomzod yoshlarimizni sinovdan o‘tkazib olish uchun qulay imkoniyat bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Uchrashuv davomida Azizjon Kamilov ham Muhammad Jaludni IWF prezidentligiga saylangani bilan tabriklab, Qo‘mita mehmonlarini oktyabr oyida mamlakatimizda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga taklif qildi.
Shuningdek, Muhammad Yusuf Al Mana ham suhbatda o‘rtaga tashlangan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.