Safina Sadullayevadan Tokiodagidek sensatsiya kutamiz
15-24-iyul kunlari AQShning Oregon shtati, Yujin shahrida yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. “Sport qirolichasi” nomini olgan ushbu yo‘nalishdagi dunyo birinchiligida Safida Sadullayeva yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Balandlikka sakrash dasturida jahonda o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgan vakilamizning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida qayd etgan 1.96 metr natijasi unga jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim qilgan edi. Ushbu maqolamizda bo‘lajak dunyo birinchiligi va Sadullayevaning raqiblari haqida so‘z boradi.
Musobaqada 192 mamlakatdan 1972 nafar sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Avvalo, uning aslida o‘tgan yili o‘tishi lozimligi, biroq Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari bilan parallel bo‘lib qolgani bois 2022 yilga qoldirilganini eslatib o‘tish lozim. Shuningdek, ushbu jahon chempionati tartib bo‘yicha 18-bor o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ilk bor AQSh hududida tashkil etilayotgani bilan ahamiyatli.
Bahslarda 49+1 ko‘rinishidagi medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Ya’ni, 49 yo‘nalishda bellashuvlar o‘tkazilsa, ularda davlatlar to‘plagan ballar bo‘yicha umumjamoa hisobida ham sovrindor mamlakatlar alohida taqdirlanadi. Yo‘nalishlar avvalgi JCh bilan solishtirganda o‘zgarmagan bo‘lsa ham, erkaklar o‘rtasidagi sportchi yurish dasturi 50 kmdan 35 kmga qisqartirilgan.
Umumiy hisobda, so‘nggi 2019-yilgi jahon chempionati g‘oliblarining 43 nafari, shuningdek, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozongan 42 atlet qatnashchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Ular orasida dunyo birinchiliklarida eng ko‘p shohsupaga ko‘tarilgan sportchi 36 yoshli amerikalik yuguruvchi Ellison Feliks bo‘lib, uning hisobida JChlarining 13 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallari bor.
Eng ko‘p ishtirokchi, shubhasiz mezbonlarda. Amerika jamoasi o‘z uyida o‘tadigan musobaqada 177 atlet bilan ishtirok etadi. Keyingi pog‘onalarda Germaniya (88), Yaponiya (68), Yamayka (65), Ispaniya (61), Italiya (60) kabi jamoalarni uchratish mumkin.
Ana endi, Sadullayeva bilan balandlikka sakrash sektorida raqobat olib boradigan atletlar haqida. Ushbu dasturda 19 mamlakatdan 31 sportchi jahon chempionatiga yo‘llanma olgan. Ular orasida mavsumning amaldagi yetakchisi ukrainalik Yaroslava Magichux (2.03 m), 1.98 metrni zabt eta olgan boshqa bir ukrain atleti Irina Gerashenko hamda italiyalik Yelena Vallotigara, ulardan 1 sm past ko‘rsatkichga ega yamaykalik Lamara Distin, shuningdek, 1.96 metrga sakray olgan Vashti Kunningem (AQSh), Kristina Ovchinnikova (Qozog‘iston), Angelina Topich (Serbiya), Nikola Olislagers hamda Eleanor Petterson (ikkisi ham Avstraliya) kabi sportchilarni alohida ko‘rsatish mumkin.
Mutaxassislar finalda medallar uchun kurash yuqoridagi nomlar orasida kechishini taxmin qilishmoqda. Biroq ular Tokio-2020 arafasida ham shunga o‘xshash fikr bildirishganida Sadullayeva final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish barobarida oltinchi pog‘onani egallagani ko‘plab xalqaro ekspertlar uchun kutilmagan natija sifatida qaralgan edi. Umid qilamizki, bu gal ham Safina ajoyib ishtiroki bilan yana bir bor muxlislar olqishiga sazovor bo‘la oladi.
Ushbu yo‘nalishda saralash bahslari 16-iyul, final dasturi esa 19-iyul sanasiga belgilangan. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bo‘lajak musobaqada Safina Sadullayevaga omad va zafarlar tilab qoladi.