13 Iyul 2022 976

Rustam Assakalov va Diyora Keldiyorovani tabriklaymiz!

Bugun taniqli kurashchimiz Rustam Assakalov va dzyudochimiz Diyora Keldiyorova tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.

Rustam Assakalov 1984-yil 13-iyul kuni dunyoga kelgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Assakalov 2015-yil AQSHning Las-Vegas, 2019-yilda Qozogʻistonning Nur-Sultan shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatlarining mos ravishda kumush va bronza medallari sohibi hisoblanadi. Taʼkidlash joiz, ushbu dunyo birinchiliklaridagi muvaffaqiyat unga Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini taqdim qildi. Kurashchimiz 2014-yilgi Incheondagi Osiyo oʻyinlarida chempionlik shohsupasiga koʻtarilgan boʻlsa, 2018-yil Jakartada kumush medal bilan taqdirlangan. Shuningdek, uning hisobida Osiyo chempionatining 2 tadan oltin, kumush va bronza medallari mavjud.

Diyora Keldiyorova 1998-yil 13-iyul kuni Samarqand viloyatida tugʻilgan. Keldiyorova 2015-yil kadetlar oʻrtasidagi oʻtkazilgan jahon chempionati gʻolibi, 2016-yil Toshkent Gran-prisida kumush medalni qoʻlga kiritgan. Keldiyorova 2019-yil Osiyo chempionatida oltin, jahonning eng kuchli dzyudochilari qatnashadigan Masters turnirida bronza medaliga sazovor boʻldi. 2021-yil Antaliyada oʻtgan “Katta dubulgʻa” turniri hamda harbiylar oʻrtasidagi jahon chempionatida oltin, Bishkekda oʻtgan Osiyo chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan. Joriy yil Antalya “Katta dubulgʻa” turnirida kumush, Moʻgʻulistonda esa oltin medalni oʻz hisobiga qoʻshib qoʻydi. Dzyudochimiz qoʻlga kiritgan natijalari evaziga davlatimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni tavallud kuni bilan tabriklab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech