Terma jamoamiz Budapesht “Katta dubulg‘a” turnirini ikkita medal bilan yakunladi
Vengriya poytaxtida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi yana bir musobaqa o‘z poyoniga yetdi. Unda yetti nafar sportchi bilan qatnashgan jamoamiz turnirni kumush va bronza medallari bilan tugatdi.
Biroz avval +100 kg vazn toifasidagi vakilimiz Shohruh Baxtiyorov bronza medali uchun bellashuvni o‘tkazdi. Finlyandiyalik Marti Pumalaynenga qarshi tatamiga chiqqan Baxtiyorov ajoyib harakatlari bilan g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira oldi va bronza medaliga ega chiqdi. Ushbu natija bilan polvonimiz o‘z hisobiga jahon reytingi uchun 500, Parij-2024 yo‘lida 250 reyting ochkosini yozib qo‘ymoqda.
Shu tariqa, ikkinchi tarkib bilan tashrif buyurgan terma jamoamiz ushbu musobaqani bittadan kumush va bronza medallari bilan yakunladi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu natija bilan terma jamoamizni tabriklab, sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda omad tilab qoladi.