Bahodir Jalolov va Dmitriy Xvanni tabriklaymiz!
Bugun taniqli bokschimiz, jahon va Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov hamda taekvondo boʻyicha terma jamoamiz murabbiyi Dmitriy Xvan oʻz tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.
Bahodir Jalolov 1994-yil 8-iyul kuni Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. Boks boʻyicha eng ogʻir vazn toifasida ikki karra Osiyo chempioni, jahon va Olimpiada chempioni hisoblanadi. 2019-yil Yekaterinburgda oʻtgan JCHda zafar quchgan hamyurtimiz musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topilgan. Professional boksda 11 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida nokaut bilan gʻalaba qozongan. Rio-2016 Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi. Tokio-2020 Olimpiadasida eng ogʻir vazn toifasida oltin medalga sazovor boʻlgan. Ushbu muvaffaqiyatlari evaziga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni hamda “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Dmitriy Xvan 1980-yil 8-iyul kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Taekvondoning WT yoʻnalishi boʻyicha terma jamoamizning tajribali murabbiylaridan biri. Uning shogirdlari orasida koʻplab xalqaro musobaqalar gʻolib va sovrindori, Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiadalari ishtirokchisi Nigora Tursunqulova, oʻsmirlar oʻrtasida JCH finalchisi Amir Toʻrayev kabi taekvondochilarimizni uchratish mumkin. 2018-yil “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki vakilimizni bugungi tavallud ayyom bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik ulkan gʻalabalar tilab qoladi.