Afsonaviy Teddi Riner, butun boshli Xitoy jamoasi va Tokio-2020 qahramonlarini qaytarayotgan Budapesht “Katta dubulg‘a”si haqida
Budapesht shahri yana e’tiborimiz markazida. Dunay qirg‘oqlarida qad rostlagan ajoyib shahar suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionatidan keyin dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniriga mezbonlik qiladi. 8-10 iyul kunlari o‘tadigan ushbu musobaqaning bir qator e’tiborli jihatlari haqida to‘xtalib o‘tsak.
Ma’lum qilganimizdek, unda terma jamoamiz vakillari ham ishtirok etishadi. Murabbiylar shtabining rejasi bo‘yicha, Budapesht turniriga ayni paytdagi ikkinchi tarkib vakillari jalb etilgan. Asosiy tarkib esa hozirda Gruziyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. Bugun Vengriyaga yo‘l olgan tarkibimizni yana bir bor eslatib o‘tsak:
-60 kg: Mirzohid Mahamadjonov
-66 kg: Rahimjon Subxonov
-73 kg: Shahram Ahadov
-73 kg: Hikmatilloh To‘rayev
-81 kg: Muso Sobirov
+100 kg: Shohruh Baxtiyorov
-70 kg: Nodira Yo‘ldosheva
Demak, bu musobaqa sportchilarga joriy yil poytaxtimizda o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibga kirish yo‘lida o‘zlarini ko‘rsatish uchun qulay fursat. Jamoaga Bekzod To‘raboyev hamda Ulug‘bek Azizov murabbiylik qiladi.
Shu o‘rinda musobaqada qatnashadigan boshqa jamoalar tarkibiga ham to‘xtalib o‘tsak. Ular orasida eng e’tiborlisi afsonaviy Teddi Rinerning qaytayotgani. Ko‘pchilik Tokio-2020 Olimpiadasidan so‘ng uni katta ehtimol sportchilik faoliyati bilan xayrlashsa kerak, deb taxmin qildi. Shu paytgacha musobaqalarda ko‘rinish bermagani ham bu mish-mishlarni tasdiqlayotgandek edi go‘yo. Biroq u Budapeshtda o‘zini yana bir bor eslatib qo‘ymoqchi.
O‘z mamlakatidagi karantin sabab 1 yil hech qaysi musobaqalarda ishtirok etmagan Xitoy jamoasi Tokio-2020 Olimpiadasidan so‘ng yana katta maydonga qaytmoqda. Tabiiyki, ular Parij-2024 litsenzion davri boshlangan paytda qimmatli reyting ochkolarini jamg‘arish, sikl uchun yangi avlod vakillarini musobaqalarda toblash imkoniyatidan maksimal darajada foydalanishmoqchi. Shu bois Xitoy jamoasi ham Budapesht “Katta dubulg‘a”, ham undan keyin o‘tuvchi Zagreb Gran-pri turnirlarida maksimal 24 nafar sportchini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Yana bir ahamiyatli tarkib, shubhasiz yaponlarda. Musobaqalarga tarkib tanlashda ularning ajoyib taktikasi bor. Butun boshli milliy terma jamoa bir nechta guruhga bo‘lingan holda yillik taqvimdan o‘rin olgan musobaqalarga belgilab qo‘yiladi. Budapesht uchun tanlangan tarkibning 7 nafar vakili so‘nggi bor fevraldagi Parij “Katta dubulg‘a” turnirida kurashgan. Qolaversa, ular safiga Tokio-2020 dagi muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng Xifumi Abe (-66 kg), Funa Tonaki (-48 kg), Shori Xamada (-78 kg) kabi nomlar ham qo‘shilgan.