4 Iyul 2022 1379

Yurtimizda tekbolni yanada rivojlantirish yoʻlida muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi

Tekbol sporti qisqa fursat ichida Vengriyaning milliy ramzlaridan biriga aylanib ulgurdi. Futbol va stol tennisini oʻzida birlashtirgan ushbu jozibador sport turi mamlakatimizga ham kirib kelgan boʻlib, u koʻplab yoshlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi, Oʻzbekiston tekbol federatsiyasi raisi Oybek Kasimov Budapesht shahrida joylashgan Xalqaro tekbol federatsiyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurishdi. U yerda delegatsiyamizni xalqaro tashkilot rahbari Gabor Borsani qarshi oldi.

Mutasaddilar uchrashuv davomida tekbolni mamlakatimizda yanada rivojlantirish, yoshlar orasida uni ommalashtirish boʻyicha qator masalalarni muhokama qilishdi. Qayd etish joiz, bungacha ushbu sportni yurtimizda keng yoyish boʻyicha Xalqaro tekbol federatsiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston tekbol federatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Suhbatda ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida bir qancha takliflar ilgari surildi.

Oybek Kasimov janob Borsaniga tekbol mamlakatimiz yoshlari tomonidan iliq qarshi olingani, Xalqaro tekbol federatsiyasi joʻnatgan inventarlar poytaxtimizdagi bir qator maktablarga joylashtirilgani va oʻquvchilar boʻsh vaqtlarida ushbu sport turi bilan shugʻullanayotgani haqida gapirib berdi.

Shuningdek, suhbatda milliy terma jamoamizni shakllantirish va xalqaro musobaqalarda ishtirok etish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Oʻz navbatida, xalqaro tashkilot rahbari mamlakatimizda ushbu sport rivojini qoʻllab-quvvatlash, hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Text to speech