Oʻzbek xalqining zabardast farzandi Mirabror Usmonovni xotirlab
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston futbol federatsiyasining sobiq prezidenti Mirabror Zufarovich Usmonov hayot boʻlganida bugun 75 yoshni qarshi olgan boʻlar edi.
Oʻz ishining chin fidoyisi sifatida katta hurmatga sazovor boʻlgan Mirabror Zufarovich oʻzbek sporti, xususan, futbolimiz rivoji yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirganini sportimiz jamoatchiligi aslo unutmaydi.
Mirabror Usmonov rahbarlik yillarida milliy sportimiz, xususan futbol Osiyo qitʼasida oʻz obroʻ va eʼtiboriga ega boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston yoshlar hamda oʻsmirlar terma jamoalari 5 bora Jahon chempionatlarida ishtirok etishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, mamlakatimiz turli yosh toifalarida 5 ta Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Shuningdek, Mirabror Usmonov tashabbusi bilan yurtimizda mavjud infratuzilma yaxshilandi, bir nechta stadionlar, sport inshootlari, jumladan, Oʻzbekiston MOQning hozirgi binosi barpo etildi.
Asosiysi, u kishining rahbarligida atletlarimiz Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 21-oʻrinni egalladi. Bu mustaqil Oʻzbekistonning Olimpiya oʻyinlari tarixidagi eng yaxshi koʻrsatkichi hisoblanadi.
Respublikamizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport sohasini yuksaltirish, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdagi koʻp yillik xizmatlari uchun Mirabror Zufarovich davlatimiz tomonidan “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Doʻstlik” ordenlari hamda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Shuningdek, Osiyo Olimpiya kengashining oltin ordeni, hamda Xalqaro futbol federatsiyalari asotsiatsiyasi (FIFA)ning “Xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Mirabror Zufarovich 2006-2017-yillar mobaynida Oʻzbekiston futbol federatsiyasi rahbari sifatida, 2013-2017-yillarda Milliy Olimpiya qoʻmitasi, 2015-2018-yillar davomida esa Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi prezidenti sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Mirabror Usmonovning oʻzbek sporti rivoji yoʻlida amalga oshirgan saʼy-harakatlari va u kishining yorqin xotirasi hamisha qalbimizda qoladi.