3 Iyul 2022 1719

Vengriya Tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri delegatsiyamizni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Budapesht shahriga xizmat safari doirasida Vengriya Tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Siyarto Peter bilan uchrashuv o‘tkazishdi. 

Delegatsiyamiz a’zolari janob Peterga Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor haqida batafsil ma’lumot berishdi. O‘z navbatida, Siyarto Peter davlatimizga ko‘p bora tashrif buyurgani, yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan xabardor ekanini ta’kidladi.

Samimiy ruhda o‘tgan tadbir davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni sport kesimida yangi bosqichga olib chiqish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, Vengriyada ishlab chiqariladigan eng sifatli sport inventarlari, sport sohasida ishlatiladigan farmakologik vositalar savdosini rivojlantirish mavzulari kun tartibining asosiy qismidan joy oldi. 

Uchrashuvda har ikki mamlakatning eng kuchli mutaxassislarini tajriba almashish uchun taklif qilish, turli terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish va ularga qulayliklar yaratish kabi masalalar batafsil ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, delegatsiyamiz vakillari suzish bo‘yicha jahon chempionatini qabul qilayotgan “Duna” arenasiga tashrif buyurib, uning qurilish tarixi, imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi. Bu borada mezbonlar mutasaddilarimizga ushbu muhtasham ob’ekt haqida batafsil ma’lumot berib bordilar.

Text to speech