2 Iyul 2022 1590

O‘zbekiston va Vengriya aloqalari sport sohasida yanada mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ayni paytda Budapesht shahrida xizmat safarida bo‘lib turgani haqida ma’lum qilgan edik. Mutasaddilar tashrif davomida Vengriya hukumati, xususan, sport sohasi vakillari bilan uchrashib, bir qator masalalarni muhokama qilishdi. 

Safar davomida o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Vengriyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida faoliyat olib borayotgan mamlakatimizning Avstriyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abat Fayzullayev delegatsiyamizga hamrohlik qilmoqda. 

Qayd etish joiz, O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari o‘tgan yili ushbu mamlakatning Bosh vaziri Viktor Orbanning mamlakatimizga qilgan tashrifida o‘rnatilib, tomonlar ko‘plab sohalarda strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator kelishuvga erishgan edi. Mutasaddilarimizning ayni paytdagi tashrifini ushbu hamkorlik aloqalarining keyingi qadami deyish mumkin. 

Delegatsiyamiz tashrif doirasida Vengriya Mudofaa vaziri Krishtof Salai-Bobrovnitsi bilan uchrashdi. Qayd etish joiz, ushbu mamlakat tizimiga ko‘ra, sport sohasi Mudofaa vazirligining ichki tuzilmasidan o‘rin olgan. Vengriya sportchilari ham yozgi, ham qishki Olimpiya o‘yinlarida muntazam shohsupaga ko‘tarilib kelishadi. Jumladan, vengriyalik atletlar suv sporti turlari, eshkak eshish, qilichbozlik, dzyudo, sport kurashlari, qolaversa, futbol, gandbol kabi jamoaviy yo‘nalishlarda jahonda yetakchilar qatorida e’tirof etiladi. Suhbatda mazkur sport turlarini mamlakatimizda rivojlantirishda Vengriya tajribasidan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qolaversa, ushbu yurtda sport farmakologiyasi ham ancha yuqori darajada taraqqiy etgan.

Shu bois tomonlar muzokara davomida har ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni sport sohasida ham davom ettirish, yirik kompleks musobaqalar, shuningdek, Osiyo va jahon chempionatlariga tayyorgarlik doirasida terma jamoalar o‘rtasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, sport tibbiyoti, farmakologiyasi bo‘yicha tajriba almashish, mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha fikr almashishdi. 

Delegatsiyamiz tashrif davomida Vengriya tashqi ishlar vaziri hamda shtab-kvartirasi Budapesht shahrida joylashgan Xalqaro tekbol federatsiyasi mutasaddilari bilan ham qator masalalarni muhokama qiladi.

Text to speech