Oʻzbek sporti mutasaddilari Vengriyada oʻtayotgan suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionatida FINA rahbari bilan uchrashishdi
Ayni kunlarda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtmoqda. Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn Al Musallam taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov Budapesht shahriga tashrif buyurishdi.
Mutasaddilar dastlab suv polosi boʻyicha bugungi dasturdan oʻrin olgan bellashuvlarni kuzatish barobarida FINA prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori Husayn Al Musallam bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Unda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, FINA shafeʼligida oʻtadigan seminarlarda oʻzbekistonlik mutaxassislarga grantlar ajratish kabi mavzular kun tartibidan oʻrin oldi.
Qayd etish joiz, Husayn Al Musallam bilan may oyida poytaxtimizda yuqori saviyada tashkil etilgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qoʻmitasining 77-yigʻilishi, qolaversa, MOQning 30 yillik tantanasi arafasida ham oʻzaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha dastlabki muzokaralar olib borilgan edi. Bugungi uchrashuv mazkur kelishuvning mantiqiy davomi boʻlib, oʻzbek sporti istiqboli yoʻlida katta ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida Al Musallam janoblari Oʻzbekiston xalqaro federatsiyaning muhim aʼzolaridan biri ekani, mamlakatimizda suv sporti turlari rivojini yangi bosqichga olib chiqishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, u Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun suv sportiga ixtisoslashgan zamonaviy obyekt qurishda ham FINA yordam berishini taʼkidladi.
Sportni rivojlantirish vaziri va MOQ Bosh kotibi safar doirasida yana bir qator muhim uchrashuvlarda ishtirok etishadi. Oldinda mutasaddilarimizni Vengriya hukumatining sport sohasi vakillari bilan uchrashuvlar kutib turibdi.
Foto: Jahongir Toshpo’latov