Ravshan Irmatov kikboks tashkilotlarining Butunjahon assotsiatsiyasi prezidentini qabul qildi
Bugun kikboks tashkilotlarining Butunjahon assotsiatsiyasi (WAKO) prezidenti Roy Beker Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov qarshi oldi.
Dastlab Roy Bekerga oʻzbek sportining shonli tarixi, atletlarimizning soʻngi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida erishgan muvaffaqiyatlari haqida maʼlumot berildi. Shundan soʻng oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston kikboksing federatsiyasi raisi oʻrinbosari Oybek Narmetov hamda MOQ Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ham ishtirok etishdi.
Suhbatda xalqaro tashkilot rahbari kikboksning soʻnggi davrda jahon boʻylab katta suratda ommalashib borayotgani, ayni paytga kelib 147 mamlakatda milliy federatsiyalarga ega ekani haqida gapirdi. Shuningdek, u mamlakatimizda ushbu sportning tez fursatda rivojlanayotganiga ham alohida toʻxtaldi.
Ravshan Irmatov Prezidentimiz tomonidan yoshlarga istalgan sport turi bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, kikboks yurtimizda oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarining sevimli sport turlaridan biri ekaniga toʻxtaldi. Uchrashuv davomida xalqaro tashkilot va MOQ oʻrtasida istiqbolli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha atroflicha fikrlar almashildi.
Qayd etish joiz, kikboks 2021-yil Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan sport turlaridan biri hisoblanadi. Mazkur sport joriy yil Turkiyaning Konya shahrida oʻtadigan Islom birdamligi oʻyinlari dasturiga ham kiritilgan. Oʻz navbatida, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari terma jamoamizning oldinda turgan kompleks musobaqaga tayyorgarligi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini taʼkidladi.