1 Iyul 2022 1528

Qahramon Jalilov hamda Charos Qayumovani tabriklaymiz!

Bugun Oʻzbekiston regbi federatsiyasi Bosh kotibi Qahramon Jalilov hamda mahoratli taekvondochimiz Charos Qayumova tavallud kunlarini nishonlashmoqda.

Qahramon Jalilov 1952-yil dunyoga kelgan. 1976-yil Toshkent davlat politexnika institutini tamomlagan. Sportchilik faoliyati davomida regbi boʻyicha “Politexnik” jamoasi safida harakat qilgan. Oʻzbekiston regbi federatsiyasi Bosh kotibi sifatida ushbu sport turini ommalashtirish yoʻlida bir qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, uning saʼy-harakatlari bilan Namangan, Toyloq, Urganch OZKlarida regbi boʻlimlari tashkil etildi. Yana bir qator hududlarda esa joriy yildan regbi yoʻnalishlari faoliyatini boshlaydi. Bir qator yosh toifasidagi jamoalarimiz xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishib kelmoqda.

Charos Qayumova 1999-yil 1-iyul kuni Toshkent viloyatida tugʻilgan. Taekvondo WT boʻyicha 2019-yil Xitoyning Uxan shahrida oʻtkazilgan Butunjahon armiya oʻyinlari gʻolibi. 2021-yil Livanda oʻtkazilgan Osiyo chempionati hamda “Beyrut Open” xalqaro musobaqasida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu yil Koreya Respublikasida oʻtgan qitʼa birinchiligida kumush medalga sazovor boʻldi. Qayumova Osiyo oʻyinlari, jahon chempionati va boshqa bir qator nufuzli musobaqalarda terma jamoamiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Qahramon Jalilov va Charos Qayumovani tavallud kuni bilan tabriklab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech