“Besh tashabbus Olimpiadasi”: Respublika bosqichining ilk “qaldirgʻoch”lari taqdirlanishdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 201-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus Olimpiadasi” shiori ostidagi musobaqalarning birinchi fasli ham oʻz poyoniga yetdi.
Bellashuvlar oʻz nomiga yarasha besh bosqichda tashkil etildi. Mahalladagi musobaqalar orqali start olgan ommaviy sport tadbirlarida respublikamizning 3 100 000 nafardan ziyod 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi. Musobaqalarning Respublika bosqichlarida esa (A, B, C ligalar boʻyicha) 5,5 ming nafarga yaqin ishtirokchi gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.
15-iyundan boshlab musobaqaning Respublika bosqichiga start berildi. Hal qiluvchi bellashuvlar mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida yuqori saviyada tashkil etildi.
Respublika bosqichida gʻolib boʻlgan 114 nafar ishtirokchi Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan munosib ravishda taqdirlandi. Marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Abdulla Aslonov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi. Gʻoliblarga asosiy terma jamoalarimiz foydalanadigan sport ekiprovkalari taqdim etildi. Bundan koʻzlangan maqsad sogʻlom turmush tarzi targʻibotchilariga oʻzbek sportining bir boʻlagi ekanliklarini his qilishdek imkonni taqdim etish boʻldi.
Yana bir eʼtiborga molik jihati, gʻolib va sovrindorlarning mahallalariga sport maydonchalari ham qurib berilishi mutasaddilar tomonidan vaʼda qilindi. Bundan ruhlangan ishtirokchilar yaratib berilayotgan imkoniyatlar va eʼtibordan mamnun ekanliklaini aytib oʻtishdi.