29 Iyun 2022 1708

Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasiga yangi prezident saylandi

Albaniyaning Tirana shahrida Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasining (IWF) kongressi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilot rahbariyati, tarkibiy qismlari shakllantirib olindi.

Saylov yakunlariga koʻra, shu paytgacha IWF Bosh kotibi lavozimida faoliyat olib borgan iroqlik Muhammad Jalud tashkilotning yangi prezidenti etib saylandi. Qayd etish joiz, ushbu mutaxassis IWF administratsiyasida 26 yillik, Bosh kotib lavozimida esa 5 yillik tajribaga ega. Yana bir ahamiyatli tomoni, tarixda ilk bor osiyolik vakil Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi rahbarligiga saylandi.

IWF rahbariyatining umumiy tarkibiy qismi quyidagicha koʻrinish oldi:

Prezident: Muhammad Hasan Jalud Al Shammari (Iroq);
Birinchi vitse-prezident: Ursula Papandrea (AQSH);
Bosh kotib: Xose Karlos Keniones (Peru);
Vitse-prezidentlar: Pirros Dimas (Gretsiya), Pyotr Krol (Chexiya), Attila Adamfi (Vengriya), Doris Marrero (Venesuela).

Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov ham ishtirok etdi. Eslatib oʻtamiz, Shahrullo Sharipovich, shuningdek, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti ham sanaladi.

Shuningdek, hamyurtimiz Zuhra Abdullayeva IWF rivojlanish va taʼlim komissiyasi tarkibidan joy oldi. Maʼlumot uchun, ushbu tarkib Parij-2024 Olimpiadasi yakunigacha boʻlgan muddatga saylandi.

Text to speech